Telegram messenjeri oktabr oyida terrorizm bilan bog’liq 8,5 mingdan ortiq kanallarni bloklagan. Bu haqda rossiyalik dasturchi Pavel Durov o’zining shaxsiy Telegram kanalida e`lon qilgan.

«Faqatgina oktabr oyining o’zida biz terrorizm bilan bog’liq bo’lgan 8,5 mingdan ortiq kanallarni blokladik», — degan Durov va Telegram messenjerida «zo’ravonlikni har qanday shaklda targ’ib qilish taqiqlangan»ligini ta`kidlagan

Telegram messenjeri yaratuvchisi Pavel Durov ommaviy kanallarni moderatsiya qilishda qaysi prinsiplarga amal qilinishi haqida ham aytib o’tgan. «Mahalliy hokimiyatlarni tanqid ostiga olish, mavjud vaziyatga qarshi kurashish, siyosiy debatlar — yaxshi narsa. Biroq zo’ravonlikni targ’ib qilish, begunoh odamlarga talafot yetkazishi mumkin bo’lgan xatti-harakatlarga chorlash — yaramaydi», deya tushuntirgan Durov.

Nimalar taqiqlanganini tushuntirish uchun Durov o’z obunachilari o’rtasida tanlov o’tkazgan Eron kanalini misol tariqasida keltirgan — foydalanuvchilar derazalarga tosh otib, buni videoga olishlari lozim bo’lgan. Keyin esa masjidlarga Molotov kokteyli uloqtirish topshirig’i berilgan. Kanalning 100 mingdan ziyod o’quvchisi bo’lgan, biroq u bloklangan.

Durovning alohida qayd etishicha, Telegram so’z erkinligi huquqini himoya qiladi.

«Telegram hech qachon amaldorlar tomonidan senzura joriy etish borasida uyushtirilgan bosimga bo’ysunmagan. So’z erkinligi — 11 yildan buyon avvaliga Rossiyada, endi esa butun dunyoda himoya qilib kelayotgan qadriyatlarimizdan biri hisoblanadi», — degan Durov.

Durov misol uchun yana Eronni misol keltirgan. Bu mamlakatda Bi-bi-si bloklangan, biroq nashrning Telegram kanali bir necha yildan beri samarali faoliyat ko’rsatmoqda va unga milliondan ziyod kishi obuna bo’lgan.