Girl drawing smiley face on to a wall

Baxtlilar safiga qo’shilish uchun 12 tavsiya

Nima uchundir ma`lum bir vaqt o’tgach albatta baxtli bo’ladigandek tuyulamiz. Faqat buning uchun biror nimani xarid qilish, nimagadir erishish kerak bo’ladi. Baxtli bo’lishni o’rganish kerakligi esa ko’pchilikning xayoliga ham kelmaydi. Baxt – oddiy lahzalarda ekanini anglab yetish uchun ko’p narsalarni tushunish kerak bo’ladi.

Psixolog Sonya Lyubomirski Marc&Angel nashridagi maqolasida baxt mavzusiga murojaat qilib, kuzatuvlari davomida aniqlagan baxtli kishilarga xos bo’lgan 12 jihat haqida ma`lum qildi. Ayni damda qanday hayotiy davrda bo’lishimizdan qat`i nazar, bu “baxt odatlari”ni doim amalda qo’llash mumkin.

1. Minnatdorchilik bildiring

O’zingizda bor narsalar uchun minnatdorlik hissi yanada chuqur hisga – baxtga aylanadi. Buning uchun hatto hech qanday xaridlarga hojat ham yo’q. Bu juda ajoyib va asosiysi, natija beradi. Hayotda bizga in`om etilgan narsalar uchun minnatdor bo’lmasak, o’zimizni baxtli his qilishimiz amri mahol.

2. Optimizmni rivojlantiring

Bunday odamlar har qanday vaziyatda ijobiy kayfiyatni saqlab qolishga qodir. Muvaffaqiyatsizlikni o’sish va hayotdan saboq olish uchun imkoniyat sifatida qabul qilish juda muhim. Ijobiy fikrlovchi kishilar dunyoga tengsiz imkoniyatlarga to’la maydonga qaragandek qarashadi, ayniqsa og’ir damlarda.

3. Yuzaki fikrlash va ijtimoiy taqqoslashni chetlab o’ting

Inson o’zini birovga taqqoslashi yaxshi emas. Agar biz boshqa birovdan “yaxshiroq” bo’lsak, bu bizga nosog’lom ustunlik hissini beradi. Bizning “ego”miz haddidan oshadi – bu esa yaxshilikka olib kelmaydi. Agar “yomonroq” bo’lsak, bajargan barcha og’ir ishlarimiz ko’zimizga balodek ko’rinib, yillar davomida kuzatilayotgan rivojlanishni rad etamiz. Ijtimoiy taqqoslash tabiatan nosog’lom muhitni yuzaga keltiradi. O’zingizni taqqoslashingiz mumkin bo’lgan yagona odam kechagi o’zingizdir.

180517024424.jpg

4. Yaxshilik qiling

Har qanday yaxshilik miyani serotonin bilan quvvatlantiradi. Serotonin ta`sir doirasiga ko’ra tengsizdir – sog’liq uchun ham, baxt hissini tuyish uchun ham. Biror kishiga beminnat yordam ko’rsatish – ichki iliqlik va garmoniyani his qilishning eng kuchli usuli. Bu nafaqat siz uchun, balki yaxshilikni kuzatayotgan odamlar uchun ham shunday. Mo’`jizaning o’zi, to’g’rimi? Darvoqe, antidepressantlar ham serotonin ishlab chiqaradi. Biroq yaxshilik ulashish antidepressantlardan ko’ra ancha sog’lom va samarali usuldir.

5. Ijtimoiy munosabatlarni tarbiyalang

Sayyoradagi eng baxtli kishilar chuqur, to’laqonli munosabatlarni qadrlashadi. O’zini yolg’iz his qiluvchi kishilarda o’lim holati ikki baravar ko’p qayd etilishini bilasizmi? Yaqin kishilarimiz bilan muloqot natijasida bizni iliq tuyg’ular qamrab oladi, bunga hech nima teng kela olmaydi. Yoningizda yaqinlaringiz bo’lsa, o’zingizni xotirjam his qilasiz.

6. Stressni yengish strategiyasini ishlab chiqing

Sizning og’ir damlardagi reaksiyangiz xarakteringizni shakllantiradi. Yoqimsiz holatlar bo’lib turadi – busiz iloji yo’q. Bunday paytlarda ijodiy yechim topish qiyin. Shu bois bunday holatlar uchun tekshirilgan strategiyalar zahirasi yordam beradi. Nazoratsiz vahimadan ko’ra bosqichma-bosqich qadamlar yaxshiroq.

7. Kechirishni o’rganing

Nafratni yashirish yoki rag’batlantirish insonning ruhiyati uchun halokatli ta`sirga ega. Bizning aqlimiz o’tmish va hozirgi hissiyotlarni farqlamaydi. Biror kimsadan nafratlanib, doim u haqida o’ylash – salbiy hissiyotlar bilan yashash sizning immun tizimingizni “kemirib tashlaydi”.

8. Jarayondan zavq olish holatini ko’paytiring

Shunday lahzalar bo’ladiki, xuddi vaqt to’xtab qolgandek tuyuladi. Bajarayotgan ishingizga shu qadar berilib ketasizki, u bilan bir butun bo’lib qolasiz. Xatti-harakatlar va his-tuyg’ular qo’shilib ketadi. Ishtaha va uyqu sizni tark etadi. Siz jarayonga to’liq “sho’ng’ib ketasiz”. Hech narsa sizni chalg’itmaydi va e`tiboringiz uchun kurashmaydi.

9. Xursandchilik lahzalarini uzaytiring

Chuqur baxt muayyan vaqt davom etishi bilan o’ziga xosdir. Ba`zan xursandchilikdan zavqlanish uchun to’liq to’xtash kerak bo’ladi. Tinimsiz xatti-harakatlar olamida bu haqida unutib qo’yish hech gap emas. Yorqin lahzalarni chetlab o’tish baxtni o’g’irlashdek gap. Hayotda eng oddiy narsalar e`tiborga eng arzirli narsalar bo’lishi mumkin, aslida. Buni unutmaslik kerak.

10. O’zingizni maqsadga erishishga bag’ishlang

Ishga chin dildan berilish misli ko’rilmagan kuchga aylanadi. Vazifani bajarish uchun qo’limizdan kelgancha harakat qilishga qaror qilganimizda kutilmagan voqealar ro’y bera boshlaydi. Maqsad bilan yashasak, uni amalga oshirishdan boshqa tanlovimiz qolmaydi. Bu ongli tanlov odamlarni baxtliroq qiladi, chunki ular nima uchun yashayotganlarini bilishadi.

11. Ma`naviyatni rivojlantiring

Ma`naviyatni rivojlantirishga harakat qilganimizda inson – eng qudratli mavjudot ekanligiga doir ahmoqona g’oyadan voz kechamiz va bu bizga dunyoga ochilish imkonini beradi.

 

12. Sog’lig’ingizga e`tiborli bo’ling

Tana salomatligi haqida qayg’urish – baxtli bo’lishni istagan kishi uchun hal qiluvchi omil. Zaif jismoniy energiya ham aqliy, ham emotsional va ham ruhiy quvvatda aks etadi. Klinik depressiyaga duch kelgan kishilarda o’tkazilgan tadqiqotlarning ko’rsatishicha, jismoniy mashqlar antidepressantlar kabi baxt hissini oshirar ekan. Bu hali hammasi emas. Yarim yil o’tib, jismoniy mashqlar bilan shug’ullangan kishilarning holati yaxshilangan, chunki ular mashqlar bilan parallel ravishda o’zlarida yuqori darajali qadr va hurmat hissini rivojlantirishgan.

@Ovoza nashridan olindi

Mirshohid Ismatov haqida

DREAMING BIGGER. REACHING HIGHER. #RoadToJapan / @Mirshohid

Fikr bildirish

Sizning elektron pochtangiz hech kimga ko`rinmaydi. To`ldirilishi shart *

*

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.